• Ishonch telefoni: (+998) 71 244-05-05
Bosh safiha / Arxitektura-shaharsozlik kengashi

Arxitektura-shaharsozlik kengashi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi 

Kengash davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, vazirliklar va idoralar, mahalliy davlat hokimiyati va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, shuningdek, loyiha-qidiruv tashkilotlarining Oʻzbekiston Respublikasi hududlari, uning qismlari, shu jumladan, aholi punktlari va qishloqlararo hududlarini shaharsozlik jihatdan rivojlantirish sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kollegial organ hisoblanadi.

Kengash oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi va oʻz ishini Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadigan ish rejasi asosida olib boradi.

Kengashning asosiy vazifalari va funktsiyalari

Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
shaharsozlik va arxitekturani yanada rivojlantirish kontseptsiyalari va dasturlarini shakllantirish, koʻrib chiqish va amalga oshirish ishlarini tashkil etish;
shaharlar, shahar posyolkalari va arxitektura komplekslarining bosh rejalari loyihalarini koʻrib chiqish va kelishib olish, ularning amalga oshirilishi, arxitektura-rejalashtirish hujjatlari, muhim shaharsozlik norma va qoidalari, davlat standartlarga rioya etilishi yuzasidan nazoratni amalga oshirish;
ilmiy asoslangan holda aholini joylashtirish, hududlarni rejalashtirish va qurish, zamonaviy talablarni, milliy arxitektura-madaniy anʼanalarni, shahar hududlaridan samarali foydalanish, tabiiy muhitga ziyon yetkazmaydigan munosabatda boʻlishni hisobga olgan holda aholi punktlarining arxitektura-rejalashtirish tuzilmasini uygʻun rivojlantirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish;
aholi punktlarining ijtimoiy va muhandislik-transport infratuzilmasini kompleks yangilash, zamonaviy shahar markazlarini shakllantirish, eski turar joy muhitining shinamligini sifat jihatidan oshirishni hamda tarixiy-arxitektura merosi obʼektlari saqlab qolinishini nazarda tutgan holda eski shahar tumanlarini rekonstruktsiya qilish boʻyicha takliflar tayyorlash.
5. Kengash oʻziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funktsiyalarni amalga oshiradi:
shaharsozlik va arxitekturani yanada rivojlantirish kontseptsiyalari shakllantirilishini, koʻrib chiqilishini va amalga oshirilishini tashkil etadi.
shaharsozlik va arxitektura sohasida kompleks davlat dasturlarini ishlab chiqishda ishtirok etadi, ularni muhokama qilish va kelishish ishlarini tashkil etadi hamda ularning amalga oshirilishiga koʻmaklashadi;
respublikani ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarining shaharsozlikka oid qismlarini koʻrib chiqadi va kelishadi;
shaharlar, shahar posyolkalarining va arxitektura komplekslarining bosh rejalari loyihalarini koʻrib chiqadi, kelishadi hamda ularni tasdiqlash uchun tavsiya etadi;
belgilangan tartibda tasdiqlangan shaharsozlik hujjatlariga, shu jumladan, shaharlar va tumanlar markazlarining bosh rejalariga asosli oʻzgartirishlar kiritilishiga rozilik beradi;
shaharlar, shahar posyolkalari va arxitektura komplekslarining bosh rejalari loyihalari amalga oshirilishida arxitektura-rejalashtirish hujjatlariga, shuningdek, muhim shaharsozlik norma va qoidalariga, davlat standartlarga rioya etilishi yuzasidan nazoratni tashkil etadi;
aholi punktlarining zamonaviy arxitektura qiyofasini shakllantirish, kompleks ravishda qurish, ijtimoiy, muhandislik va transport infratuzilmasini taʼminlash boʻyicha aholi punktlari shaharsozlik hujjatlarining asosiy qoidalari bajarilishi toʻgʻrisida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlarining hamda vazirliklar va idoralar rahbarlarining hisobotlarini eshitadi;
Oʻzbekiston Respublikasi hududida aholini joylashtirish bosh tarhi hamda Oʻzbekiston Respublikasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlar hududini rejalashtirish tarhlarini, umumdavlat ahamiyatiga molik alohida tartibga solinadigan shaharsozlik faoliyati obʼektlarining shaharsozlik hujjatlari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi hududini rivojlantirishning tarmoq tarhlarini hamda muhandislik, transport va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish loyihalarini koʻrib chiqadi va ularni tasdiqlash, amaliyotga tatbiq etish yuzasidan takliflar va tavsiyalarni vakolatli organlarga kiritadi;
umumdavlat ahamiyatiga molik alohida, shu jumladan, tabiiy va suv obʼektlari zonalarini, rekreatsion, qishloq va oʻrmon xoʻjaligi, tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning taʼsiriga uchragan, foydali qazilmalar joylashgan va boshqa hududlarning chegaralarini belgilaydi hamda tegishli obʼektlar hududlarida shaharsozlik faoliyati tartibotini oʻrnatish boʻyicha hujjatlarni koʻrib chiqadi va ular yuzasidan tavsiyalar qabul qiladi;
mintaqalarda ekologik vaziyatni yaxshilash, yerlardan oqilona foydalanish va ularni muhofaza qilish, madaniy meros obʼektlari hududlarini saqlash, umumdavlat ahamiyatiga molik muhandislik, transportga oid va ijtimoiy infratuzilmalarni rivojlantirish chora-tadbirlarini tashkil etadi;
hududlarni rivojlantirishga doir loyiha yechimlarini koʻrib chiqadi;
aholi punktlarining ijtimoiy va muhandislik-transport infratuzilmasini kompleks yangilash, zamonaviy shahar markazlarini shakllantirish boʻyicha takliflar tayyorlaydi;
eski turar joy muhitining shinamligini sifat jihatidan oshirishni va tarixiy-arxitektura merosi obʼektlari saqlab qolinishini nazarda tutgan holda eski shahar tumanlarini rekonstruktsiya qilish boʻyicha davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlariga tavsiyalar kiritadi.

Kengash quyidagi huquqlarga ega:
vaqtincha ishchi guruhlar tuzish va ularda ishlash uchun mutaxassislarni jalb etish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlaridan Kengash faoliyatiga doir hujjatlarni soʻrab olish;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari hamda loyiha-qidiruv tashkilotlari tomonidan hududlarni shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sohasida olib borilgan ishlar holatini oʻrganish, shuningdek, ularning ushbu yoʻnalishdagi faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tavsiyalar tayyorlash.

Kengash faoliyatini tashkil etish
Kengashga Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari raislik qiladi, uning vakolatiga quyidagilar kiradi:

Kengash majlisining kun tartibini belgilash va majlisni chaqirish;
Kengash tomonidan tuzilgan ishchi guruhlar faoliyatini nazorat qilish;
Kengash tomonidan qabul qilingan qarorlarning bajarilishi yuzasidan nazoratni tashkil qilish;
Kengashga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha Kengash aʼzolarining faoliyatini nazorat qilish;
Kengash aʼzolari zimmasiga yuklangan vazifalarni bajarish boʻyicha ishlarini muvofiqlashtirish;
Kengash aʼzolarining shaxsiy tarkibini oʻzgartirish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish;
Kengashning samarali ishlashini taʼminlash boʻyicha boshqa vakolatlarni amalga oshirish.
Kengash aʼzolari:
Kengash majlislarida koʻrib chiqiladigan masalalarni muhokama qilishda va hal etishda qatnashadilar;
shaharsozlikning dolzarb masalalari boʻyicha Kengashga takliflar kiritadilar;
Kengashda muhokama qilinadigan masalalar boʻyicha xulosalar beradilar.
Kengash aʼzolari Kengashdagi oʻz faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradilar.

Kengash majlisining oʻtkazilish vaqti, joyi va kun tartibi toʻgʻrisida Kengash aʼzolari majlis oʻtkazish kunidan kamida uch kun oldin xabardor qilinadi.
Kengash majlisini uning raisi olib boradi. Kengash raisi boʻlmagan taqdirda uning oʻrinbosari boshqaradi.
Kengash, agar majlisda uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi hozir boʻlsa, qaror qabul qilishga vakolatli hisoblanadi.
Kengash majlisiga unda koʻrib chiqilayotgan masalalarning ahamiyatiga koʻra davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, loyiha-qidiruv va boshqa tashkilotlar rahbarlari va mutaxassislari taklif etilishi mumkin.

Kengashning ishchi organi va kotibi

Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi Kengashning ishchi organi (keyingi oʻrinlarda ishchi organ deb ataladi) hisoblanadi.
Ishchi organ:
Kengash faoliyatini tashkiliy-texnik jihatdan taʼminlashni amalga oshiradi;
ish rejasi loyihasini tayyorlaydi, Kengash muhokamasiga kiritadi va tasdiqlangan ish rejasi bajarilishini taʼminlaydi;
Kengash majlisiga zarur boʻlgan materiallar tayyorlanishini taʼminlaydi va manfaatdor tashkilotlardan zarur materiallar va ekspert xulosalarini oladi;
Kengash majlisi kun tartibidagi masala boʻyicha tahliliy materiallar tayyorlanishini tashkil etadi;
tushgan murojaatlarni koʻrib chiqadi hamda Kengash vakolatiga kiradigan masalalar boʻyicha qarorlar loyihalarini tayyorlaydi.
Kengash kotibi:
Kengash majlisiga zarur boʻlgan hujjatlarning oʻz vaqtida tayyorlanishini taʼminlaydi, Kengash majlisiga materiallar tayyorlash boʻyicha ishchi organning ishini tashkil etadi;
Kengash raisi bilan majlis oʻtkazish muddatlari va joyini, shuningdek, taklif etiladiganlar roʻyxatini kelishadi, Kengash aʼzolarini va taklif etilgan shaxslarni majlisning oʻtkaziladigan sanasi, vaqti, joyi toʻgʻrisida xabardor qiladi;
kun tartibidagi masalalar boʻyicha Kengash majlislari oʻtkazilishini tashkil qiladi, Kengash majlisi bayonlarini rasmiylashtiradi va tasdiqlangan bayonlarning Kengash aʼzolariga va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yuborilishini taʼminlaydi;
Kengash qarorlari ijrosi monitoringini olib boradi va uning yakunlarini koʻrib chiqish uchun Kengash majlisiga taqdim etadi.
Kengash tomonidan qarorlar qabul qilish va ularning bajarilishini taʼminlash
Kengash qarori Kengash majlisida qatnashayotgan aʼzolarining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlgan taqdirda Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Kengashning har bir aʼzosi qabul qilinayotgan qarorlar yuzasidan oʻz fikrini yozma ravishda bildirish huquqiga ega.
Kengash raisi qarorlarni tezkor qabul qilish maqsadida Kengashning alohida masalalar boʻyicha Kengash aʼzolari bilan kelishilgan qarorlarini soʻrov yoʻli bilan tasdiqlashi mumkin.
Kengash qarorlari Kengash majlisi bayoni bilan rasmiylashtiriladi. Kengash majlisi bayoni ishchi organ rahbari va Kengash kotibi tomonidan imzolanadi, Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadi va bir hafta muddatda Kengash aʼzolari hamda manfaatdor tashkilotlarga yuboriladi.
Kengash bayonining asl nusxasi Vazirlar Mahkamasining Kommunal soha, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamentida saqlanadi.
Kengashining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha vazirliklar, idoralar, davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
Kengashning ishchi organi va kotibi Kengash qarorlarining bajarilishini muntazam ravishda oʻrganadilar va koʻrib chiqadilar, zaruriyat boʻlganda Kengash raisiga tegishli axborotlar va takliflar kiritadilar.
Kengashning ish tartibi uning Kengash tomonidan tasdiqlanadigan Reglamentida belgilanadi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi
TARKIBI

Ramatov A.J. - Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ boshqaruvi raisi, Kengash raisi

Toʻxtayev A.X. - Qurilish vaziri, Kengash raisining oʻrinbosari

Zokirov B.I. - Qurilish vazirining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston arxitektorlar uyushmasi raisi, Kengash raisining oʻrinbosari

Soliyev M.X. - Uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish vaziri

Abdullayev A.X. - Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi raisi

Qoʻchqorov B.T. - Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi raisi

Abduvaliyev A.A. - Avtomobilь yoʻllari davlat qoʻmitasi raisi

Mirzayev M.M. - Iqtisodiyot vazirining birinchi oʻrinbosari

Karimov A.R. - Moliya vazirining oʻrinbosari

Ergashev R.M. - Ichki ishlar vazirining oʻrinbosari

Axmedxodjayev A.I. - Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri

Ruziboyev B.K. - Suv xoʻjaligi vazirining birinchi oʻrinbosari

Sayidaliyev S.S. - Sogʻliqni saqlash vazirining oʻrinbosari, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh davlat sanitariya vrachi

Tulyaganov K.N. - Qurilish vazirining oʻrinbosari, Qurilish vazirligi huzuridagi Qurilish sohasi boʻyicha nazorat inspektsiyasi boshligʻi

Mustafoyev U.M. - “Oʻzbekenergo” AJ boshqaruvi raisi

Tursunov Sh. - “Oʻztransgaz” AJ boshqaruvi raisi

Lavozimi boʻyicha - Madaniyat vazirligining Madaniy meros obʼektlarini muhofaza qilish va foydalanish boʻyicha ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasi boshligʻi

Xakimov R.R. - Toshkent arxitektura-qurilish instituti rektori

Madjidov G.G. - “OʻzshaharsozlikLITI” DUK direktori

Sharifov R.S. - “ToshkentboshplanLITI” DUK direktori

Axmedov I.S. - “Qishloqqurilishloyiha” MChJ direktori

Magrupov Y.D. - “OʻzGAShKLITI” DUK direktori

Nadjimov M.F. - “Oʻzsuvloyiha” AJ direktori

Shoismatov S.E. - “Issiqlikelektroloyiha” AJ direktori

Qahhorov S.S. - “Yoʻlloyihabyurosi” MChJ direktori

Gayupov A. - “Aloqaloyiha” DUK direktori

Kulbanskiy D.I. - “Oʻrtaosiyotarmoqloyiha” AJ direktori

Latipov A.D. - “Oʻzkommunalloyihaqurilish” MChJ direktori

Qosimov K.D. - “Oʻzgazloyiha” MChJ direktori

Qodirov B. - Vazirlar Mahkamasining Kommunal soha, ekologiya, atrof muhitni muhofaza qilish, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari axborot-tahlil departamentining shuʼba mudiri

Lavozimi boʻyicha - Qoraqalpogʻiston Respublikasi Arxitektura va qurilish qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar arxitektura va qurilish bosh boshqarmalari boshliqlari

Xikmatullayev R.N. - Qurilish vazirligi hududlar arxitekturasi va shaharsozlikni rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi, Kengash kotibi

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi toʻgʻrisida nizom